“Amazon” asoschisi “Invent and Wander: The Collected Writings of Jeff Bezos” (“Yarat va sayohat qil: Jeff Bezosning qoralamalari”) kitobida o‘z hayoti va biznes falsafasi haqida so‘z yuritgan. “RBC” undan parchalarni keltiradi.
Ertalabki dangasalik haqida
“Men ertalab dangasalik qilishni yoqtiraman. Erta yotaman. Erta turaman. Gazeta o‘qishni, qahva ichishni va bolalarim maktabga ketishidan oldin ular bilan nonushta qilishni yaxshi ko‘raman. Bo‘sh vaqt men uchun juda muhim”. Buni dunyodagi eng boy biznesmenlardan biri Jeff Bezos aytmoqda.
Jeff Bezos ertalabki vaqtini tadqiqot va eng qiyin masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish bilan o‘tkazadi. Ruhiy kuch talab qiladigan uchrashuvlarni, uning fikricha, eng yaxshisi soat 10ga belgilagan ma’qul. Kechga yaqin soat 5ga kelib, ong murakkab tahlillarni amalga oshirishga qodir bo‘lmay qoladi, shuning uchun, agar shu paytgacha yechim topishning iloji bo‘lmasa, vazifani ertasi kuni ertalabga qoldirgan yaxshiroqdir.
Garchi bunga amal qilish biroz qiyin bo‘lsa-da, uchrashuvlar o‘rtasida albatta sakkiz soatlik uyqu bo‘lishi kerak. Yuqori lavozimdagi rahbar kuniga minglab muntazam qarorlar qabul qilishi uchun emas, balki oz sonli sifatli qarorlar qabul qilishi uchun maosh oladi, deya ta’kidlaydi Bezos.
Uning qoidasi quruq hisob-kitoblarga asoslanadi: “Men kuniga olti soat uxlayman, yoki shu qadar aqldan ozganmanki, to‘rt soat uxlayman deylik. Qo‘shimcha to‘rt soat ish vaqtiga ega bo‘laman.
Demak, ilgari, aytaylik, kun davomida o‘n ikki soat ish vaqtiga ega bo‘lgan bo‘lsam, endi to‘satdan menda 12+4 soat, ya’ni 16 soat ish vaqti paydo bo‘ldi. Ya’ni, qaror qabul qilish uchun 33% ko‘proq vaqt. Agar men oldin 100ta qaror qabul qilgan bo‘lsam, endi yana 33ta qaror qabul qilishga vaqtim bor.
Agar sizda charchoq, g‘azablanish va hokazolar tufayli qarorlar sifati pasayib ketsa, bu shunga arziydimi?"
Yechimlar haqida
“Amazon” asoschisi kelajakka asoslanib qaror chiqarish ma’qul, deb hisoblaydi. Bezos har doim yilning joriy choragiga (kvartal) emas, balki oldindagi ko‘plab choraklarga e’tibor qaratgan. “Odamlar meni to‘xtatib, kvartal muvaffaqiyatli bo‘lgani bilan tabriklayman, deyishadi.
Men esa ularga: rahmat, lekin aslida men ushbu chorakning muvaffaqiyatini uch yil oldin ta’minlaganman deb aytaman", — tushuntiradi tadbirkor. Agar qarorlar ikki yoki uch yildan keyin qayerga olib borishini hisobga olgan holda qabul qilinsa, kuniga uchta shunday qaror haqiqatan ham yetarli bo‘ladi.
Vaziyatlarning ikki turi qaror qabul qilishda bir-biridan tubdan farq qiladigan yondashuvlarni talab qiladi. Bezos ba’zi hollarda muhokama jarayonini sekinlashtirish va hamma narsa haqida qayta-qayta o‘ylab ko‘rishni asosli deb hisoblaydi. Agar sizning qaroringiz o‘zgartirib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladigan bo‘lsa, bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo aksariyat holatlar bunday emas, deydi u.
Ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish oson, ya’ni uzoq davom etadigan tahlil va muhokamani talab qilmaydi. Agar siz masala turini to‘g‘ri aniqlay olsangiz, xatoni tuzatish mumkin bo‘lgan masala bo‘yicha ishni tezlashtirishingiz va haqiqatan ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan masalalarda qaror qabul qilishni biroz sekinlashtirishingiz mumkin.
Bahsli holatlar haqida
Yana bir muhim ko‘nikma — fikrni ma’qullamaslik, ammo mas’uliyatni bo‘lisha olish qobiliyati qaror qabul qilishni tezlashtirishi mumkin. Menejerlar munozarani o‘zaro kurashga aylantirib yuborishganda, ular orasida eng qaysarrog‘i g‘alaba qozonadi, qolganlari esa taslim bo‘ladi. Bu qaror qabul qilishning eng yomon usuli, deydi “Amazon” asoschisi.
Bunday yondashuv jamoani ruhiy tushkunlikka soladi va natija tasodifiy bo‘lishi mumkin. Bahsli masalalar va qizg‘in munozaralarni tezda yuqorida turadigan rahbarga olib chiqish kerak.
Uning vazifasi barcha nuqtai nazarlarni tinglash va: “hech birimiz aynan qaysi qaror to‘g‘ri bo‘lishini aniq bilmaymiz, lekin men bilan birga tavakkal qilishingizni xohlayman”; biz shunday harakat qilamiz"; “men fikrimni ma’qullashingizni emas, shunchaki mas’uliyatni bo‘lishishingizni xohlayman”, deyishdan iborat.
Ko‘pincha rahbar va unga bo‘ysunuvchi xodimlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladi va bu vaziyatda yuqori lavozimdagi shaxs nizoni to‘xtata olishi va qaror qabul qilishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak.
“Men doim ham fikrlarni ma’qullamayan, lekin men mas’uliyatni baham ko‘raman. Biror narsa haqida bir soat, bir kun yoki bir hafta bahslashishim mumkin. Ammo keyin shunday deyman: “Bilasanmi? Men, albatta, fikringga qo‘shilmayman, lekin senda argumentlar ko‘proq. Biz buni sen aytgandek qilamiz. Va senga va’da beramanki: men senga aytgandim, deb hech qachon yuzinga solmayman”, — deydi Bezos.