O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga tavsiya bilan chiqdi.
Qozog‘istonga kirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan vazirlik mamlakatga kirish va chiqishda fuqarolarga barcha zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishga chaqirmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda Qozog‘istondan tashqari, Rossiyaga ham kirishda to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish kerak.
Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga asosan, Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiyaning migratsiya va boshqa qonunchiligining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi.
Agar Rossiyada bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining Qozog‘istonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Chegarani kesib o‘tishda muammolar yuzaga kelmasligi uchun fuqarolarga Rossiyaga kirishga taqiq bor yoki yo‘qligini tekshirish tavsiya qilindi. Buni Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi saytida maxsus shaklni to‘ldirish orqali amalga oshirish mumkin.
Aprel oyida ham Qozog‘istonga borayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirilgandi. O‘zbekiston elchixonasi firibgarlarga ishonmaslikni va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni begonalarga bermaslikni so‘radi.