Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda prezident bandlik va aholi daromadi masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu borada oqsoqlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida barcha rahbarlar ogohlantirildi.
Xususan, “Sayxunobod” tajribasi asosida aprel oyida 365 ming aholi bandligi ta’minlanib, tadbirkorlikka jalb qilingan.
Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming aholiga ishli bo‘lishga ko‘maklashdi. Mahallalarda 70 mingta mikro-loyiha amalga oshirildi, 465 ming gektar tomorqa yerlariga ekin ekildi.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro mamlakatga qaytib kelgan.
Yil oxirigacha yana 250−300 ming nafar fuqaroning o‘zbekistonga qaytishi prognoz qilinmoqda.
Yig‘ilishda ularni ishga joylashtirish, ijtimoiy masalalariga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratish vazifasi berildi.
Shuningdek, platformani “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda ishlayotgan va qiyin vaziyatdagi fuqarolarga ko‘maklashish, qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish topshirildi.
Avvalroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Endi xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.
Fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilmoqda. Kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda ishlash istagidagilar to‘lov-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.
Migratsiya bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilingan pedagoglarga 100%gacha ustama beriladi. Kasblar bo‘yicha ta’lim oluvchilarning chet tilidan sertifikati mavjud bo‘lsa, sarflangan xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.
Avvalroq Britaniyada ishlab qaytgan fuqarolarga to‘lagan soliqlari qaytarib berilishi ma’lum qilingandi. Hozirda 2023-yilgacha ishlaganlardan arizalar qabul qilinmoqda.