“Charmsanoat” uyushmasi faoliyati o‘zgartiriladi. Bu haqda 10-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan charm va ipak sanoatida mavjud imkoniyatlarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda ayrim vazir va hokimlar soha tadbirkorlarini eshitmayotgani, tayyor imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘tgan ishlab chiqarish hajmi o‘sib, qariyb 3 trln so‘mga yetdi. Shundan yarmi Andijon va Farg‘onaga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatdagi jami terining 40%ini beradigan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmning charmsanoatdagi ulushi ularning imkoniyatiga mos emas.
Ayrim korxonalar o‘tgan yilni zarar bilan yakunlagan. Bunga ularning mahsulotiga bozor topish, aylanma mablag‘ masalalari sabab bo‘lgan. Charmsanoat eksportida tayyor mahsulot ulushi atigi 30%ni tashkil etgan.
Ikki yil oldin 155 gektar joy ajratilib, charmga ixtisoslashgan 16ta kichik sanoat zonasi qilindi. Ohangaron va Urgut tumanlarida loyihalar boshlangan.
Biroq, Nurafshon shahrida, Uychi, Angor, Qo‘qon, Qo‘shtepa, Oltinko‘l, Sharof Rashidov tumanlari, Namangan shahri, Shahrixon, Samarqand, Hazorasp, Buxoro, Nukus tumanlari, Qarshi shahrida bu ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani tanqid qilindi.
Sohada yangi loyihalar uchun $40 mln arzon resurs ajratilgan, xalqaro kredit liniyalaridan $100 mln jalb etilgan. Biroq, mutasaddilar bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Klasterlarda qoramolni ko‘paytirish bilan birga, aholi xonadonlari va terini qayta ishlash korxonalari bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish 25ta tumanda chorvachilik klasterlari tashkil qilingan.
Lekin, 19ta klasterga yetarli yer maydonlari ajratilmagan. Muammoli masalalardan kelib chiqib “Charmsanoat” uyushmasi faoliyatini tubdan o‘zgartirish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida bittadan yirik charm klasterini tashkil etiladi. Ekologiyaga javob beruvchi suv tozalash inshooti va bino qurishga $40 mln arzon resurs yo‘naltiriladi.
Bu yerdagi tayyor loyihalarga 7 yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tabiiy va sun’iy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar joylashtiriladi.
Xorijiy brend jalb qilgan har bir korxonaga sorsing kompaniyalari uchun sarflangan xarajatni $30 minggacha qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 14ta kichik sanoat zonasida $100 mlnlik loyihalarni boshlash, 11ta chorva klasteriga ozuqabop ekin ekish uchun yer masalasini to‘liq hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Turkiya kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishga $2 mln yo‘naltirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.