Avvalroq pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 2027-yilga qadar bosqichma-bosqich pillachilik sohasida aholining mavsumiy bandligini 2 mlnga yetkazish belgilanmoqda.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Bandlik vazirligiga har chorakda ishsiz va band bo‘lmagan aholi, jumladan, ayollar ro‘yxatini Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga taqdim etish yuklatilmoqda.
Bu ro‘yxatga asosan pillachilik klasterlari bilan birgalikda pillani yetishtirish agrotexnikasi va pillani qayta ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari tashkil etiladi.
Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan aholi bandligi 105 ming gektar maydonda yangi tutzorlar barpo etish va dala chetlarida yangi tut ko‘chatlari ekish hisobiga ta’minlanadi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan 2024-yilda yetishtiriladigan pillaning tavsiyaviy xarid narxi 25%ga oshiriladi.
2024-yildan pillachilik klasterlari tomonidan yetishtirilgan pilla hosili uchun yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatini sentabr oyi etib belgilandi.
Pillachilik klasterlari tomonidan to‘lanadigan mablag‘larning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan so‘ng to‘lovlarni monitoring qiladi.
Hukumatga 10 kun muddatda ipakchilik sohasiga 2026-yilgacha imtiyozlarni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish belgilandi.
Pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchilar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Kasanachilar mehnatiga haq to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar, bo‘shagan mablag‘lardan ularni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltirish sharti bilan ijtimoiy soliq olinmaydi.
Ipakchilikda ozuqa bazasi sifatida foydalaniladigan tutzorlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun yer solig‘ini xalq deputatlari tuman kengashlari belgilagan soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qo‘llagan holda to‘lash belgilanadi.
O‘zi ishlab chiqargan o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foyda bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun foyda solig‘i nol stavkada qo‘llaniladi.
2024-yil davomida Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi davlat muassasasi shaklidagi naslli urug‘chilik stansiyalari tashkil qilinadi.
Joriy yilgi pilla yetishtirish mavsumidan boshlab pillani qayta ishlovchi va pilla qurti urug‘ini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ular tomonidan pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urug‘i uchun 120 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.
Fevral oyida O‘zbekistonda ipakchilik ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tishi belgilandi. 2025-yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga tumanlarni biriktirish, fermer va kasanachilar o‘zi yetishtirgan pillani faqat klasterlarga sotishi bekor qilinadi.
Avvalroq prezident ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yishni topshirdi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, sinov ishlarini boshlaydi.