Buyuk Britaniyada ishlab qaytgan fuqarolarga to‘lagan soliqlari qaytarib beriladi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatning hamkor tashkiloti bilan bu bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, hozirda fuqarolar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda.

Unda 2023-yil va undan oldingi yillarda mavsumiy qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ishlab qaytganlar ishtirok etishlari mumkin.

2024-yilda ishlab qaytganlarga esa to‘lagan soliqlari 2025-yilda qaytarib berilishi rejalashtirilmoqda.

Bunda o‘zbekistonliklar ishlagan davrida qancha miqdorda soliq to‘lashgan bo‘lsa, mazkur summa qaytariladi. Jarayon 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan vaqtda davom etadi.

Soliq summasini qaytarishda hamkor tashkilotning 75 funt sterling (1 mln 186 ming so‘m) miqdorida xizmat haqi mavjud bo‘lib, bu qaytariladigan soliq hajmidan ushlab qolinadi.

Fuqarolar soliq summasini qaytarib olishlari uchun havola orqali ma’lumotlarini kiritishlari kerak.

Bunda so‘ralgan ma’lumotlarni to‘ldirish hamda elektron pochta manzili va ishlagan muddat so‘raladi.

Shuningdek, P45 shaklini ham yuklash zarur. Bu ish beruvchi tomonidan xodim ishdan ketgani to‘g‘risida beriladigan ma’lumot.

Batafsil ma’lumotlarni havola orqali yoki 71 202 33 55 (ichki raqam 17) raqamidan olish mumkin.


Prezident farmoni bilan xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarini qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya berilishi belgilangan.