Litvaning Klaypeda portida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining savdo uyi ochiladi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Palata boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya Litvaga tashrif buyurdi. Uning doirasida mamlakatning “Bega” logistik kompaniyasi bosh direktori Laymonas Rimkus bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov hamda O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Timur Rahmonov ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari va tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlarni muhokama qilishdi. O‘zbekiston mahsulotlarini Litva orqali G‘arbiy Yevropa bozorlariga eksport qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Litvaning Klaypeda portida Savdo-sanoat palatasining savdo uyi, O‘zbekistondan Litvaga eksport qilingan mahsulotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus xab hamda iqtisoslashgan terminal ochishga kelishib olindi.

Terminal O‘zbekiston mahsulotlarini Litvaga yetib borganda ularni taqsimlash, qadoqlash va bozor uchun tayyor holatda boshqa Yevropa bozorlariga olib chiqishga xizmat qiladi.

“Bega” kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Klaypeda portida transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya quyma va suyuq mahsulotlarni tashishga ixtisoslashgan.

Prezident yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylarini ochishni topshirdi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.

Janubiy Koreyada O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shou-rumda oziq-ovqat, meva-sabzavot hamda to‘qimachilik kabi mahsulotlar namoyish etiladi.

Avvalroq Yaponiyaning Nagoya shahrida, Rossiyaning esa Ivanovo viloyatida O‘zbekiston savdo uylari ochilgandi.