“Tesla” Xitoyda ish joylarini qisqartirishni kuchaytirdi, deya xabar berdi “Bloomberg”.

Unga ko‘ra, gap butun dunyo bo‘ylab xodimlarning 10%ini qisqartirish bo‘yicha ilgari e’lon qilingan rejaning bir qismi bo‘lmagan qo‘shimcha ishdan bo‘shatish haqida ketmoqda.

Ishdan bo‘shatish bir qator bo‘limlarga, jumladan, kompaniyaning global ishlab chiqarishining yarmidan ko‘pi jamlangan Shanxaydagi zavoddagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish xodimlari, muhandislar, ishlab chiqarish liniyasi ishchilari va logistika xodimlariga ta’sir qiladi.

Biroq, qancha xodim ishdan bo‘shatilishi va bu ishlab chiqaruvchining Xitoydagi faoliyatiga qanday ta’sir qilishi hozircha aniq emas.

Qayd etilishicha, qo‘shimcha ishdan bo‘shatishlar shu hafta boshlandi.

Agentlik manbalariga ko‘ra, Xitoyda ishdan bo‘shatilgan xodimlarning aksariyati har bir ishlagan yili uchun bir oylik ish haqiga teng to‘lovlar hamda qo‘shimcha uch oylik maosh oladi.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy “Tesla"ning Shanxaydagi zavodidan yetkazib berish hajmi 18%ga pasaygan, yangi elektromobillar bozori esa 33%ga o‘sgan.


Avvalroq “Spot” “Tesla” bir qator yirik bozorlarda avtomobillari narxlarini pasaytirgani haqida yozgandi.

Ushbu harakat kompaniya joriy yilning dastlabki uch oyida butun dunyo bo‘ylab avtomobil yetkazib berish keskin pasaygani haqida xabar berganidan keyin amalga oshirildi.