Turkiyada “TikTok” taqiqlanishi mumkin, deya xabar berdi “Hurriyet” nashri Turkiya Oliy Millat Majlisi (parlamenti) Raqamli media komissiyasi raisi Husayn Yaymanga tayanib.

“Ayniqsa, ushbu platformada kontent almashish borasida juda jiddiy tanqidlar mavjud. Amerikada „TikTok“ taqiqlangan. Biz taqiqlarga qarshimiz, ammo Turkiyada bu taqiqlar bilan tugaydi. Chunki, afsuski, bu erda biz hech qachon so‘zlar, maslahatlar yoki so‘rovlar bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydigan munosabatlar mavjud”, dedi Yayman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiya so‘z erkinligi tarafdori va senzuraga qarshi, lekin jamoat tartibini saqlash ham zarur.

Yayman bolalar va yoshlarni himoya qilish zarurligini, ular “sog‘lom ruhiyat bilan o‘sishi” kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq “TikTok” AQSh hukumatini sudga bergani haqida xabar berilgandi.

Platforma sudga murojaatida agar ijtimoiy tarmoq sotilmasa, uni blokirovka qilish huquqini beruvchi qonun ijrosini to‘xtatishni so‘radi.

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, qonun AQSh Konstitutsiyaning bir qator bandlarini buzadi, shuningdek, so‘z erkinligini cheklaydi.

TikTokning bloklanishi

AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni “TikTok"ni blokirovka qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.

Tegishli qonun loyihasi 13-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi tomonidan ma’qullangan. Kongressmenlarning fikricha, xitoylik kompaniya tomonidan amerikalik foydalanuvchi ma’lumotlarining to‘planishi milliy xavfsizlikka tahdid soladi.

“Ushbu qonun 2025-yil 19-yanvargacha “TikTok"ni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 mln amerikalikning ovozini o‘chiradi”, deydi “ByteDance” vakillari.

“TikTok” kompaniya amerikalik foydalanuvchilarning ma’lumotlarini baham ko‘rganini yoki bo‘lishishni rad etadi va AQSh qonun chiqaruvchilarini “spekulyativ” xavotirlarni ko‘tarishda ayblaydi, deya ta’kidlaydi “Reuters”.

Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagani haqida xabar berilgandi.

Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.

Keyinchalik Qozog‘iston ham “TikTok"ni blokirovka qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum bo‘ldi.

Mamlakat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva platforma orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.


Avvalroq “Spot” “TikTok” Yevropa Ittifoqida ham bloklanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Ijtimoiy tarmoqning bloklanishi mumkinligi haqida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen maʼlum qilgan.