Xitoyning “Universal Energy” kompaniyasi O‘zbekistonning ikkita hududida shamol elektr stansiyasi qurishni rejalashtirmoqda.

7-may kuni prezident tomonidan shamol elektr stansiyasi va havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

“Universal Energy” kompaniyasi mazkur loyihalarni Samarqand va Jizzax viloyatlarida amalga oshirib, buning uchun kompaniyaning “Peak Wind Alpha” hamda “Peak Wind Beta” sho‘ba korxonalari tashkil etildi.

Loyiha doirasida ikkita hududning har birida quvvati 250 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi hamda havo elektr uzatish tarmoqlari quriladi. Buning uchun har bir loyihaga $250 mln jalb qilinadi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va loyiha kompaniyasi o‘rtasida 2023-yilning oktabrida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari"ga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini oladi. O‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishining ta’minoti sifatida 9 mln miqdorida bank kafolatini taqdim etadi.

Qoraqalpog‘istonda qiymati $7,3 mlrdlik shamol elektr stansiyalari qurilishi ma’lum qilindi. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” vaBAAning “Amea Power” kompaniyalari umumiy quvvati 6 GVt bo‘lgan yashil energiya loyihalarini amalga oshiradi.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. “China CAMC Engineering” bilan chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.