Endilikda o‘zbekistonliklar Janubiy Koreyadagi mavsumiy ishlarda ishlashlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Behzod Musayev Koreya Adliya vaziri Pak Son Je bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari so‘z yuritilib, mehnat munosabatlariga oid muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar natijasida fuqarolarni Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb qilishga kelishildi. Fuqarolar qishloq xo‘jaligi, agrotexnologiyalar bo‘yicha ishlab, tajriba orttirishadilar.
Bundan tashqari, professional kasb-hunarga ega bo‘lgan yoshlar uchun ham Koreyada ishlash imkoniyatlari yaratilmoqda.
Ularning o‘z sohasidan kelib chiqib mamlakatda faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishildi.
Shuningdek, vaqtincha ishlashga boruvchi har bir nomzod bilan mutaxassislar alohida shug‘ullanishi, qonunchilik, madaniyat, urf-odat va an’analari xususida axborotlar berib borilishi ma’lum qilindi.
Koreya Adliya vazirligi agar o‘zbekistonlik ishchilar mehnat qonunchiligini buzmasa, noqonuniy faoliyatga o‘tmasa, o‘z ish joylarini asossiz tashlab ketmasa har qanday ishchi viza turini eng yuqori darajada ochib berishga tayyorligini bildirdi.
Avvalroq Koreya bilan mavsumiy ish o‘rinlariga bo‘lgan talab va uni qoplash masalalari, to‘siq bo‘layotgan mavjud muammolar muhokama qilingandi. Amalda Koreyadagi mavsumiy ishlarga o‘zbekistonliklar jalb qilinmaydi.
Mamlakatning avtomobilsozlik sanoati uyushmasi 3 ming nafar o‘zbekistonlikni avtomobilsozlik bo‘yicha ishga jalb qilishni rejalashtirmoqda.