Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, yerlardan samarali foydalanish va sohani ilmiy rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatda 3 mln gektar yaylov va ekin yerlari degradatsiyaga uchragan, 2 mln gektarga yaqini turli darajada sho‘rlangan. Xorijiy ekspertlar iqlim o‘zgarishi sababli 2030-yilga borib, mintaqada suv resurslari qariyb 6%ga qisqarishini aytmoqda.
Shu bois qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha 52 banddan iborat milliy dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarga $294 mlndan ortiq grant mablag‘lari jalb qilinadi.
Orolbo‘yida 1 mln gektardagi agroekologik landshaftlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlar holati yaxshilanadi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda ihotazorlar barpo qilinadi. Suv ta’minoti og‘ir yerlarda qizilmiya, na’matak, kunjut, artemiya yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Iqlim o‘zgarishini tahlil va bashorat qilish bo‘yicha markaz tuzilib, 5ta viloyatda agrometeorologiya stansiyalari o‘rnatiladi. Italiya bilan hamkorlikda Intensiv urug‘chilik va ko‘chatchilik xalqaro markazi, sho‘rga va suvsizlikka chidamli ekinlar bo‘yicha urug‘chilik xo‘jaligi tashkil etiladi.
Yana bir hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yerni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Ya’ni, paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchilarga lazerli tekislangan har bir gektar maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajatining 100%gacha qismini qoplashga budjetdan subsidiya beriladi.
Birinchi bosqichda To‘rtko‘l, Beruniy va Amudaryo tumanlarida amalga oshiriladi. Bunday maydonlarda hosildorlik o‘rtacha 5−7 sentnerga oshadi va suv sarfi 15−20% tejaladi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining yer maydonlaridan samarali foydalanish rejalari bayon qilindi.
Institutning Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasidagi 142 gektar yer qaytadan foydalanishga kiritiladi. 300 gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalar o‘rnatilib, eksportbop meva va uzumzorlar barpo etiladi.
Qiziltepa tumanidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida uzum ko‘chatchiligi bo‘yicha tajriba xo‘jaligi tashkil etilib, Fransiya va boshqa davlatlarning eksportbop navlari ko‘chati olib kelinadi.
Har ikki stansiyada suv ta’minotini yaxshilash uchun energiya tejamkor nasos agregati va transformator o‘rnatiladi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga 6 mln yevro ajratgani haqida xabar berilgandi. Mazkur mablag‘lar mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.