Avvalroq Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Taqdimotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzluksizligini ta’minlashda issiqxonalarning o‘rniga ham to‘xtaldi. So‘nggi yillarda ularning maydoni 2,6 baravar, mahsulot yetishtirish hajmi 3 baravardan ziyod oshgan. Tarmoqda 80 ming aholi doimiy va 70 ming nafari mavsumiy ish bilan band.
Issiqxona xo‘jaliklarining samardorligini oshirish maqsadida xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50%ini, ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20%gacha qismini qoplash taklif etilmoqda.
Shuningdek, Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish taklifi bildirildi. Unda yangi yo‘nalishdagi tolali ekinlar bo‘yicha tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tarmoqda ilmiy natijalarga asoslangan yangi texnologiyalar, asbob-uskunalar joriy etiladi. Fan va ishlab chiqarish samarali bog‘lanib, paxta-to‘qimachilik korxonalari rentabelligi ortadi.
Paxta, kanop va zig‘ir homashyolaridan olinadigan mahsulotlarning xalqaro standart talablariga mosligi ta’minlanadi. Prezident takliflarni takomillashtirib, manzilliligi va natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Hukumat qarori bilan 2023-yilning noyabridan issiqxonalarga ko‘mir qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20%ini qoplab berish belgilangandi. Buning uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 25 mlrd so‘m ajratiladi.
Yil boshida prezident issiqxona xo‘jaliklarini kreditlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Ixcham issiqxonalar qurishga garovsiz kreditlar ajratilishi belgilandi.
Aprelda aholining biznes tashabbuslarini moliyalashtirishni takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi. Qaror bilan, 10 sotixli ixcham issiqxonalarni qurishga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Avvalroq ixcham issiqxona o‘rnatishga beriladigan subsidiyalar miqdori o‘zgartirilgandi. Endilikda subsidiya miqdori uch tomonlama shartnoma shartlari asosida belgilanadi.