Jahon banki hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda iqtisodiy tengsizlik kcuhaygan.
Xalqaro standartlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida kambag‘allik darajasi (kuniga $6,85dan kam) ikki barobarga, ya’ni 2015-yildagi 36%dan 2022-yilda 17%ga qisqardi.
Mamlakatda kambag‘allik Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda tez sur’atlarda kamayib bormoqda — 13%dan 8%gacha.
2021-yilda tasdiqlangan milliy standartlarga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 17%dan 11%ga kamaydi.
Qishloq joylarda pasayish 8 foiz punktga, shaharlarda esa 4 foiz punktga yetdi. Xususan, 1,6 mlnga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Bundan tashqari, Jahon banki hukumatning 2026-yilga qadar kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish maqsadiga erishish mumkinligini qayd etdi.
Kambag‘allikni kamaytirishning asosiy omili daromadlarning o‘sishi (60%) va ijtimoiy transfertlar bo‘lib, ular optimallashtirildi va kengaytirildi.
Biroq, xalqaro moliya tashkiloti tengsizlik darajasining ortib borayotganini qayd etadi, bu esa kambag‘allikni qisqartirish sur’atini sekinlashtiradi. Daromadlarning o‘sishi asosan aholining eng boy qatlamlari orasida shakllangan.
2023-yilda Jini koeffitsiyenti (Gini Coefficient) 0,31dan 0,35gacha ko‘tarildi. Natijada kambag‘allik darajasi 5,5 foiz punktga emas, balki 3,1 foiz punktga kamaydi.
Masalan, 10% eng kambag‘al aholi daromadlari atigi 6%ga o‘sgan bo‘lsa, 10% eng boy aholiniki 30%dan ko‘proqqa o‘sdi. Xususan, badavlat fuqarolar boyligining yuqori o‘sish sur’atlari iqtisodiy tengsizlik muammosini yanada kuchaytiradi.
Jahon banki hukumatga aholining kam ta’minlangan qatlamlari mehnat unumdorligini oshirishni tavsiya qiladi. Xususan, kam ta’minlangan fuqarolarning ish imkoniyatlari kamroq, ta’lim darajasi past va qaramog‘idagilar ko‘proq.
Bu jihatlardagi tafovutni tugatish O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish va o‘sib borayotgan tengsizlikni cheklashga yordam beradi.
Avvalroq O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 648 ming so‘m etib belgilangandi. 1-maydan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorlari unga tenglashtirildi.