Toshkent viloyatida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgan mayning ferma fosh etildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi hamda inspeksiyaning hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qibray tumani, “Taraqqiy” MFYdagi xonadonda aniqlandi.
Mazkur xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro I.B. va boshqalar tijorat maqsadida “Avalon” rusumli mayning kripto-aktivlari qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan. Buning uchun ular kompyuter tizimi orqali telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida 733,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Xorazm hamda Toshkentda noqonuniy mayning ferma tashkil etgan shaxslar aniqlangandi. Fuqarolar umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulanib, 386,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishgan.
Birinchi chorakda kripto-aktiv va mayning faoliyatida elektrdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha aniqlangan 63ta holatda jami 83,86 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan.
Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayning faoliyati uchun javobgarlik choralari kuchga kirdi. NAPP operatsiyalarni milliy provayderlar orqali amalga oshirishga, mayning faoliyatini qonunchilik doirasida amalga oshirishga chaqirmoqda.