“Apple” “OpenAI” bilan iPhone smartfonlari va boshqa “Apple” qurilmalariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kelishib oldi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.
Kompaniyalar shartnoma tuzdilar, unga ko‘ra iOS 18 operatsion tizimining keyingi versiyasida “ChatGPT"dan foydalanish rejalashtirilgan.
Taxminlarga ko‘ra, “Apple” kelasi oy Butunjahon dasturchilar konferensiyasida o‘z gadjetlarida sun’iy intellekt funksiyalari paydo bo‘lishini e’lon qiladi.
Avvalroq “Apple” kompaniyasi “Google"ning “Gemini AI” modelini iPhone’ga integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani xabar qilingan edi, biroq agentlik manbalariga ko‘ra, hozircha hech qanday natija yo‘q.
“Gemini” algoritmlarini iOS’ga integratsiya qilish “Google"ga potensial xizmat foydalanuvchilari imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
O‘z navbatida, “Apple” bulutga asoslangan funksiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun uchinchi tomon yechimiga muhtoj, masalan, matn tavsiflari asosida tasvirlarni yaratish yoki oddiy foydalanuvchi so‘rovlari asosida matnlarni yozish.
Agar “Apple” va “Google” o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, ularning yangi hamkorligi qidiruv xizmati bo‘yicha kelishuv asosida tuzilishi mumkin.
20 yildan ortiq vaqt davomida “Google” “Apple"ga “Safari” brauzeri orqali foydalanuvchilar tomonidan ko‘rilgan reklamalardan tushgan daromadning 36%ini yuborib kelmoqda.
“Apple”, o‘z navbatida, “Google"ga uning qidiruv xizmati har doim “Safari"da standart qidiruv tizimi bo‘lishini kafolatlaydi.
Biroq, ekspertlarning fikricha, “Apple” va “Google” o‘rtasidagi kelishuv savollar tug‘diradi hamda AQSh va Yevropa Ittifoqi regulyatorlari tomonidan ma’qullanishi dargumon.
Avvalroq “Spot” “Apple” yangi iPad Pro flagman planshetini taqdim etgani haqida yozgandi.
Yangi planshetning 11 dyuymli va 256 Gb xotiraga ega modeli narxi $999dan boshlanadi.