Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi tartibdagi hujjat sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash asoslari, tartibi va muddatlarini, qaror ustidan shikoyat qilish tartibini belgilaydi.
Sug‘urtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdoriga (SBUKM) bog‘langan jarima sanksiyalari belgilanmoqda. Hozirda bu 35 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha belgilangan muddatlarda arizalarni ko‘rib chiqmaslik har bir holat uchun SBUKMning 0,005%i (1,75 mln so‘m), jami aniqlangan holatlar uchun esa 0,1% (35 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Sug‘urta tovoni to‘lanmasa, har bir holat uchun SBUKMning 0,01% (3,5 mln so‘m), jami holatlarga 0,1%i (35 mln so‘m) miqdorda jarima belgilanadi.
Sug‘urtalovchilar va ularning alohida bo‘linmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlarini vakolatli organ bilan kelishmagan holda tayinlaganlik uchun har bir holatga SBUKMning 0,09%i (31,5 mln so‘m), jami aniqlangan holatlar uchun esa SBUKMning 0,1%dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima undiriladi.
Vakolatli organning majburiy ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun har bir holatga SBUKMning 0,09%i (31,5 mln so‘m), jami aniqlangan holatlarga SBUKMning 0,1%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Sug‘urtalovchining hisob va boshqa bank raqamlarida pul mablag‘lari mavjud bo‘lishiga oid talabga rioya qilmaganlik SBUKMning 0,1%i, sug‘urtalovchi ustav kapitaliga qarab, 20 mln so‘mdan — 45 mln so‘mgacha miqdorda jarima undirishga sabab bo‘ladi.
Bunda hisobdagi mablag‘lar o‘tgan 12 oy mobaynida hisoblangan sug‘urta tovonlari summasining 3%idan kam miqdorda bo‘lmasligi kerak. Buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Joriy yilning 1-iyulidan sug‘urta polisi bo‘lmagan qurilishlarni davlat tomonidan moliyalashtirish taqiqlanadi. 2029-yilgacha sug‘urta tashkilotlarining tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdori oshirib boriladi.