2024-yil boshidan buyon 101ta kompaniya o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi uchun “IT Park” rezidenti maqomidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bunga mazkur kompaniyalarning belgilangan talablarga muvofiq o‘z majburiyatlarni bajarmagani sabab bo‘lgan.
Rezident maqomidan mahrum qilingan kompaniyalarning 65tasi Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan.
Shu bilan birga, ro‘yxatda Farg‘ona viloyatidan 8ta, Qashqadaryo — 5, Buxoro — 4, Jizzax — 3, Surxondaryo — 3, Navoiy — 3, Xorazm — 3, Namangan — 2, Sirdaryo — 2, Samarqand — 1 hamda Qoraqalpog‘istondan 1ta kompaniya mavjud.
“IT Park” rezidentlarining majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
- faqat ro‘yxatga muvofiq faoliyat turlariga asoslangan biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
- har chorakda texnoparkka o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish;
- har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini “IT Park"ka yuborish;
- rezidentning faoliyati shartlari to‘g‘risidagi shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish.
Shartnoma talablarini buzgan rezidentlar bu maqomidan mahrum qilinadi, soliq imtiyozlari esa belgilangan tartibda ularni budjetga to‘lash bo‘yicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.
“IT Park” rezidentlarining yagona reyestriga ko‘ra, ayni paytda bu maqomga ega 1991ta kompaniya mavjud.
Tahlilchi hamda R&D mutaxassisi Timurmalik Elmuradovning texnopark nima uchun kompaniyalarni rezidentlikdan mahrum qilishi va nima uchun a’zo bo‘lish kerakligi haqida so‘zlab bergandi.