6-may kuni milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) grant mablag‘lari asosida amalga oshirilib, markaz davlat ta’lim muassasasi shaklidagi tashkil etiladi, “Ishga marhamat” monomarkazlari huzuridagi o‘quv-maslahat ofislari transformatsiya qilinadi.
Markaz o‘qituvchi, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, muhandis-ustalar, pedagog kadrlar hamda ta’lim faoliyatiga bevosita aloqador boshqa rahbar-xodimlarni qayta tayyorlab, ularning malakasini oshiradi.
O‘zbekistonning milliy malaka tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga doir o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy adabiyotlar yaratadi.
2024-yilning 1-iyundan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘qituvchilari va muhandis ustalarining maqomi professional ta’lim muassasalari pedagoglariga tenglashtiriladi. Ularga mazkur xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari beriladi.
Xorijiy mutaxassislarga bajarilgan ishlar uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori ularning malakasi, tajribasi va yuklanadigan ish hajmi asosida Bandlik vazirligi tomonidan belgilanadi.
KOICA tomonidan Milliy texnik malakani baholash va malaka oshirish markazini qurish joriy yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha qiymati $5,5 mlnni tashkil etib, markaz Toshkent shahrida quriladi.
Bundan tashqari, agentlik tomonidan Urganchda $9 mln grant mablag‘lari hisobidan kasb-hunarga o‘qitish markazi barpo etilmoqda.
Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va Farg‘ona shaharlaridagi 4ta markazda 13 mingga yaqin ishsiz fuqaroga kasblar o‘rgatilib, bandligi ta’minlangan.
Avvalroq fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda ishlash istagidagilar to‘lov-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.
Migratsiya bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilingan pedagoglarga 100%gacha ustama beriladi. Kasblar bo‘yicha ta’lim oluvchilarning chet tilidan sertifikati mavjud bo‘lsa, sarflangan xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.