Latviyaning “Olainfarm” farmatsevtika kompaniyasi o‘z mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Timur Rahmonov, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Latviya kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi, Markaziy Osiyodagi savdo ofisi rahbari Aleksandr Melnis bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va “Olainfarm” o‘rtasidagi sarmoyaviy va texnologik hamkorlik masalalari, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirib, qo‘shma ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kompaniya O‘zbekistonda yuqori sifatga ega ampulali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalasini o‘rganmoqda.
“Olainfarm” kompaniyasi 1972-yilda Latviyaning Olayne shahrida tashkil etilgan. Kompaniyaning yillik aylanmasi 124 mln yevrodan oshadi. Mahsulotlari qatoriga 60ta tayyor dozalash shakllari, 25ta faol farmatsevtik ingredientlar va 20dan ortiq oraliq mahsulotlar kiradi. Mahsulotlar 60ta davlatga eksport qilinadi.
Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Prezident farmoni bilan dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi.
Mart oyida Hindistonning “Avantika Medex Pvt” kompaniyasi Jizzax viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona qurishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi.