Toshkentdagi yirik supermarketlarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasaydi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
MHTI mutaxassislari poytaxtdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqishdi.
Shu yilning 4-aprel va 2-may kunlari o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlari asosida qilingan tahlil natijalari 10 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganligini ko‘rsatdi.
Bodring 49%, sariq piyoz 24,5%, kartoshka 16,9%, olma 16,7%, karam 14,6%, tuxum 11,7%, qizil sabzi 8,3%, pomidor 6,3%, tovuq go‘shti (file) 4,9%, shakar 3,6%ga pasaygan.
Shuningdek, 6 nomdagi mahsulotlarning eng past narxi o‘zgarishsiz qolgan. Bular qatorida guruch, grechka, makaron, sut, margarin, kungaboqar yog‘i bor.
Yana 5 nomdagi mahsulotlar narxi esa oshgan. Ulardan eng yuqori o‘sish bilan banan yetakchi bo‘ldi.
Banan narxining qisqa muddatli o‘sishi vaqtinchalik bozor omillari, talab va taklifning o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanligi qayd etilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati 648 ming so‘m etib belgilangandi. 1-maydan ayrim pensiya turlarining eng kam miqdorlari mazkur minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga tenglashtirildi.