“Silkway Accelerator” dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “Astana Hub” matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Qozog‘iston texnoparki va “Google for Startups” tomonidan amalga oshiriladigan loyihada Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon va Gruziyaning PMF va Scale bosqichlaridagi IT-loyihalari ishtirok etishlari mumkin.

“Umid qilamizki, bu yil ham yorqin va dinamik o‘zbek startaplari bizning dasturimizga qo‘shilib, mintaqaning innovatsion rivojlanishiga hissa qo‘shishda davom etadi”, — dedi “Astana Hub” biznes dasturlari ofisining direktori Erbol Axmetov.

Uch oylik intensiv oflayn kursda ishtirokchilarga o‘z bizneslarini o‘zgartirish va maqsadlarga erishish, o‘z daromadlarini tez sur’atlarda kengaytirish va oshirish strategiyalarini ishlab chiqish imkoniyati taqdim etiladi.

Dasturda investorlar bilan uchrashuvlar, venchur fondlar va biznes farishtalar bilan aloqalarni o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Kurs o‘quv mashg‘ulotlari, mahorat darslari, workshop, individual konsultatsiya hamda ish faoliyatini kuzatish uchun trekerlar bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish mumkin bo‘ladi.

Muvaffaqiyatli biznesni qurgan yuqori malakali soha mutaxassislari startaplarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida marketing, moliya, savdo va boshqa funksional yo‘nalishlar bo‘yicha individual sessiyalar o‘tkazadilar.

Akseleratsiyada ishtirok etishni xohlovchi nomzodlar arizalarni joriy yilning 24-mayigacha havola orqali jo‘natishlari mumkin.

“Silkway Accelerator” dasturi 2022-yilda ishga tushirilgan. To‘rtta dastur oqimidan so‘ng 49ta loyiha akseleratsiyani muvaffaqiyatli yakunladi.


Avvalroq “Yandex” kompaniyasi “Yandex ML Prize” xalqaro ilmiy mukofoti uchun arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.