Xitoy kompaniyasi Surxondaryoda pullik avtomobil yo‘lini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning “Hunan Industrial Equipment Installation Co., Ltd” kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda barcha sharoit va qulayliklarga ega bo‘lgan pullik avtomagistral qurish loyihasi muhokama qilindi.
Mazkur yo‘l M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz avtomobil yo‘liga parallel yo‘nalishda 171 kilometr uzunlikda qurilishi rejalashtirilmoqda.
Muzokaralarda yo‘l qurilishining ekologik va iqtisodiy jihatlariga, xususan, turar joylar va daraxtlar ko‘chirilishini minimal darajaga tushirish, loyihaning tabiatga ta’sirini imkon qadar kamaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Yakunda mutaxassislarni jalb qilgan holda loyihani takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarga kelishildi.
“Hunan Industrial Equipment Installation” Xitoyning yirik kompaniyalaridan birib bo‘lib, o‘zining 66 yillik faoliyati davomida 40 ming kilometrdan ziyod uzunlikdagi yuqori sifatli pullik yo‘llarni qurgan.
Avvalroq Toshkent-Andijon pullik yo‘l qurilishi loyihasining qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishi ma’lum qilingandi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevga ko‘ra, iyun oyi oxirigacha mazkur yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy ishlari yakunlanadi.
2026-yilgacha Toshkent-Andijon hamda Toshkent-Samarqand pullik yo‘llarini qurish belgilangan. 305 km uzunlikdagi Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqilgan.
Avvalroq Yaponiyaning “Sojitz” hamda Turkiyaning “Rönesans” kompaniyalari O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik asosida pullik yo‘l qurilishid loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.