Joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 1,5 mlndan oshdi. Bu haqda Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, yanvar-mart oylarida jami 1 mln 519,3 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda kelishgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1%ga oshgan.
Eng ko‘p sayyohlar oqimi Tojikistonga to‘g‘ri keladi. O‘tgan davrda mazkur mamlakatdan 536,5 ming nafar turist tashrif buyurgan.
Undan keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (442 ming nafar) hamda Qozog‘iston (262,6 ming nafar) turibdi.
Birinchi chorakda Rossiyadan tashrif buyuruvchilar soni 134,2 ming nafarni, Turkmaniston — 31 ming nafar, Turkiya — 21,5 ming nafarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, ular qatorida Hindiston (11,6 ming nafar), Xitoy (10 ming nafar), Janubiy Koreya (7,6 ming nafar), Germaniya (3,8 ming nafar) va boshqa davlatlar (58,5 ming nafar)dan tashrif buyurgan sayyohlar ham mavjud.
2023-yilda mamlakatga 6,6 mlndan ortiq sayyoh tashrif buyurdi, bu 2022-yildagi ko‘rsatkichdan 1,4 mln kishiga ko‘pdir.
Dekabrda o‘tkazilgan videoselektorda turizm salohiyatini samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish topshirildi.
Yanvarga kelib, prezident topshirig‘iga asosan, chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shu bilan birga, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Avvalroq Toshkent shahrining Gulbozor mahallasida turizm ko‘chasi ochildi. Hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilib, hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar hamda zargarlik do‘konlari tashkil qilindi.