AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Xitoydan elektromobillar uchun to‘lovlarni taxminan to‘rt baravarga, hozirgi 25%dan 100%ga oshirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Wall Street Journal”.

Unga ko‘ra, Vashington bu choralarni kelasi seshanba, 14-may kuniyoq e’lon qilmoqchi. Bundan tashqari, AQSHga olib kiriladigan barcha avtomobillarga 2,5% miqdorida qo‘shimcha boj joriy etiladi.

G‘arbda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qaraganda ko‘pincha arzonroq bo‘lgan Xitoy elektromobillariga joriy qilingan 25%lik boj allaqachon ularning Amerika bozoriga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi samarali to‘siq bo‘lib kelgan.

Biroq, Bayden ma’muriyati rasmiylari, avtomobil ishlab chiqaruvchilari va ba’zi qonunchilar Xitoy ishlab chiqarish ko‘lamini hisobga olgan holda bu choralar etarli emasligidan qo‘rqishadi, deya ta’kidlaydi “WSJ”.

Bundan tashqari, AQSh Xitoydan keladigan muhim minerallar va quyosh panellari uchun tariflarni oshiradi.

Bu qaror Xitoy bilan savdo urushini boshlagan sobiq prezident Donald Trampning siyosatini davom ettirmoqda, deb yozadi gazeta.

Avvalroq “Bloomberg” ham AQSh prezidenti ma’muriyati bojlar miqdorini oshirishni kelasi hafta e’lon qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Bayden ma’muriyatining rejalarini qoraladi. tariflar ikki davlat o‘rtasidagi savdoga xalaqit berayotganini va Xitoy o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.


Avvalroq “Spot” “Tesla” ommaviy bozor uchun elektromobillarni 2025-yilda chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.

Yangi budjet modellari Amerika kompaniyasiga “BYD” kabi ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashish imkonini beradi.