“Xiaomi” yangi elektromobil modelini ishlab chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning ikkinchi avtomobili “Tesla Y"ga o‘xshash sport yo‘ltanlamasi bo‘ladi. Avtomobil 2026-yilda chiqarilishi rejalashtirilgan.
“Xiaomi"dan bo‘lajak yo‘ltanlamasi qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi, xususiyatlari qanday bo‘lishi va uning narxi qancha bo‘lishi hozircha noma’lum.
OAVning ta’kidlashicha, kompaniya hali ham mashinani ishlab chiqish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda.
“Xiaomi” kompaniyasining o‘zi jurnalistlarning bo‘lajak elektromobil chiqarilishi haqidagi savollariga javob bermadi.
“Xiaomi"ning birinchi “SU7” avtomobili 28-mart kuni taqdim etilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 4 daqiqada 10 000ta, 7 daqiqada 20 000ta, 27 daqiqada 50 000ta va 24 soat ichida 88 898ta oldindan buyurtma berilgan.
3-aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Xiaomi SU7” yetkazib berish marosimida “Xiaomi” asoschisi va rahbari Ley Jun elektromobillar sotuvi boshlanganidan beri bir necha kun ichida 100 mingdan ortiq odam buyurtma berganini, to‘langan buyurtmalar soni esa 40 mingdan oshganini aytdi.
Hozirda “Xiaomi SU7 Standard Edition” va “Xiaomi SU7 Pro” buyurtmalar rasmiylashtirilgandan keyin 26−29 hafta ichida yetkazib beriladi, “Xiaomi SU7 Max” esa 28−31 hafta ichida yetkazib berilishi kutilmoqda.