“Ancor” kompaniyasi o‘zbekistonliklar ishda qanday imtiyoz va bonuslarni afzal ko‘rishini tahlil qildi. (“Spot"da tahlil natijalari mavjud).
Unga ko‘ra, eng ko‘p talab qilinganlar ishga borish uchun kompensatsiya (73,8%), tibbiy sug‘urta (72,7%), sayohat sug‘urtasi (72,4%) va qo‘shimcha dam olish kunlari (72,3%) bo‘lgan.
Tahlil erkaklar ayollarga qaraganda imtiyozlarga ko‘proq qiziqishini ko‘rsatdi.
Kollej darajasiga ega bo‘lganlar ko‘proq ta’lim olish yoki o‘qish uchun to‘lovlarni qoplashga qiziqishadi, bu ish beruvchilarning atigi 11,7%i tomonidan taqdim etiladi.
Yuqori maosh zamonaviy xodimlarni samarali ishlashga undaydigan yagona omil emasligini qayd etdi “Ancor” kompaniyasining ishga qabul qilish bo‘yicha direktori Oksana Tkachenko.
“To‘g‘ri, imtiyozlarga sarmoya kiritish yuqori sifatli iste’dodlarni jalb qilish va saqlab qolishda, kompaniyaning mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashda asosiy rol o‘ynaydi”, — dedi Oksana Tkachenko.
Shuningdek, respondentlarning 67%i ish beruvchilarning qo‘shimcha yordami zarur deb hisoblaydi.
Ularning 20%i uy-joy yordamiga qiziqish bildirsa, 19%i tibbiy xizmat va moliyaviy maslahatga muhtoj, 18%i o‘ziga mos ish tartibini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi.
Avvalroq “Ancor” o‘zbekistonliklar ish qidirishda nimalarga ahamiyat berishini haqida tahlil qilgandi.
Ish beruvchini tanlashda asosiy omil maosh hisoblanadi. Nomutanosib ish grafigi hamda ortiqcha ish yuki esa ish o‘rinlarini o‘zgartirishga asosiy omil bo‘lmoqda.