O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi oshdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12710,95 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 11 so‘m 10 tiyinga oshdi.
Dollar kursi 22-aprel kuni rekord daraja — 21 so‘mga oshib, 12711 so‘mni tashkil etgandi. 10-mayga kelib AQSh valyutasi kursi bu rekordni yangilab, 12718 so‘mga yetgandi.
Yil boshidan buyon milliy valyuta Amerika valyutasiga nisbatan deyarli 2,9%ga qadrsizlandi. So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9%ga pasayib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi birinchi chorakda oshganiga izoh berdi. Buning asosiy sababi valyutaga bo‘lgan talab bilan bog‘liq ekanligi qayd etildi.
2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi ilk bor 12 ming so‘m chegarasidan o‘tgandi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilgan.