“Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik “Milliy banklararo protsessing markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyatini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish to‘g‘risidagi tegishli buyruqni qabul qildi.
Jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi joriy yilning 13-may kuni Davlat xizmatlari markazidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hozirda aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kompaniyani qayta tashkil etish prezidentning 2023-yilning noyabrida qabul qilingan tegishli qarori bilan amalga oshirildi. 2024-yilning 1-iyulidan to‘lov tizimi operatorlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi kerak.
Ularning ustav kapitali 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlariniki esa 10 mlrd so‘mni tashkil etishi zarur. Hujjatda “Humo” ustav kapitalidagi davlat ulushini ham to‘liq agentlikka o‘tkazish belgilangandi.
1-fevral kuni “Click” aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilishi ma’lum qilindi. Undan keyin “Oson” to‘lov xizmatiga egalik qiluvchi “Brio Group” o‘zining qayta tashkil etilishini yakunladi.
Aprel oyida Shavkat Mirziyoyev joriy yilgi davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturini tasdiqlagandi. Unda “Humo"ning davlat ulushini sotish ham ko‘zda tutilgan.