Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) Markaziy Osiyodagi texnologik startaplarga $5 mln sarmoya kiritmoqda. Bu haqda “Spot"ga moliya tashkiloti matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi “Sturgeon Capital” tomonidan boshqariladigan “Sturgeon Emerging Opportunities II” yangi venchur kapital fondiga mablag‘ ajratadi.
Venchur fondi fintex, kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun biznes platformalar (b2b), qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalardagi startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Jamg‘arma, shuningdek, intiluvchan tadbirkorlarga o‘z biznesini kengaytirish, faoliyat samaradorligini oshirish va uzoq muddatli bandlik imkoniyatlarini yaratishga yordam beradi.
“Sturgeon Capital” hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi IT startap bozori 2030-yilga borib yiliga $300 mlnga yaqin raqamli daromad keltirishi mumkin.
Venchur fondi Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari boshqa rivojlanayotgan bozorlarda, jumladan Misr va Pokistonda ham ishlashni rejalashtirmoqda.
“Sturgeon” kompaniyasiga investitsiyalar XMKning boshlang‘ich katalizator dasturining bir qismi bo‘lib, u rivojlanayotgan bozorlardagi inkubatorlar, akseleratorlar va fondlarga sarmoya kiritish orqali yetarli darajada xizmat ko‘rsatilmagan venchur kapital ekotizimlarida moliyaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan.
Dastur xavfli bozorlarni, jumladan, dunyoning eng qashshoq va zaif mamlakatlarini qamrab oladi.
2016-yilda ishga tushirilgandan buyon dastur 21 fondga aksiyadorlik investitsiyalari orqali 24 mamlakatda 2800 tadbirkor, jumladan 700 nafar ayolni qo‘llab-quvvatladi.
Avvalroq “Spot” “Korzinka” Xalqaro moliya korporatsiyasidan $25 mln jalb qilayotgani haqida yozgandi.
Mazkur mablag‘lar tarmoqning yangi taqsimlash-tarqatuv markazi qurilishiga yo‘naltiriladi.