Avvalroq Shavkat Mirziyoyev mamlakatda IT-sohasini rivojlantirish, yoshlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Mamlakatda startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Shaffoflikni oshirish, loyihalarga natijadorlik asosida grant ajratish zarurati mavjudligi qayd etildi.
IT-ta'lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini “IT Park” orqali o‘tkazish taklif etilmoqda.
Davlat rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award” tanlovidagi kabi, xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Sun’iy intellekt dasturlarini yaratish va qo‘llash bo‘yicha muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Biometrik identifikatsiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. 28ta bank va 5ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8,2 mlndan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.
“Muxlisa” nomli o‘zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Uni turli texnika vositalariga o‘rnatish mo‘ljallangan.
Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha axborot berildi.
Onlayn platforma orqali iste’molchilar 8ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Unda 14tadan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati yaratiladi.
Yanvar oyida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi.
Joriy yilgi davlat dasturida Navoiy viloyatida sinov tarzida kommunal to‘lovlarning yagona tizimini joriy etish belgilangan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov tizim ishlab chiqilib, hozirda uni elektr tarmoqlariga integratsiyalash jarayoni ketayotganini ma’lum qildi.