Zargarlik uchun qimmatbaho toshlarni olib kirish soliqdan ozod qilindi. Bu bo‘yicha 13-may kuni prezident tegishli qonunni imzoladi.
Xususan, Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga 2024-yildan 2027-yilgacha QQS qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari 2026-yilgacha foyda solig‘idan ozod etiladi.
Bu ularning bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasiga nisbatan tatbiq etiladi.
“Turizm to‘g‘risida"gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, dam olish uylari va dam olish zonalari joylashtirish vositalari sifatida majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.
Bu ham kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish zonalariga amal qiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Mart oyida senatorlar mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullashgandi.
Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, O‘zbekistonda qazib olingan oltinning atigi 6%i qayta ishlanadi. Mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.