Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni ko‘mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi.
Aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun energetikaning barcha yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, muayyan tarmoqlarda ko‘mirdan foydalanish qo‘l keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi ko‘mir zaxiralari qariyb 2 mlrd tonnani tashkil etadi.
Ko‘mir qazib olish hajmi oshirib kelinmoqda. Xususan, 2016-yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 mln tonnadan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 6,55 mln tonnaga yetdi.
O‘tgan yili konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirilib, tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Bu yil ko‘mir qazib chiqarish 8 mln tonnaga yetkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi.
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko‘mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi.
Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to‘rtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yo‘naltiriladi.
Xorij tajribasi asosida ko‘mir qatlamlarini baholash va burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. Natijada 2025-yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Hozirda ko‘mir qazib olish bo‘yicha 14ta tadbirkor o‘z faoliyatini olib bormoqda. Joriy yilda ular tomonidan 900 tonna ko‘mir qazib chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda To‘g‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov “O‘zbekiston24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Joriy yilda qo‘shimcha beshta hududda geologiya-qidiruv ishlari olib boriladi. Mazkur yangi konlar tadbirkorlar bilan birga o‘zlashtiriladi.
“Bugungi kunda yashil iqtisodiyot rivojlanmoqda. Strategik muhim yangi metallarga talab oshib bormoqda. Shuning uchun yangi kombinat tashkil etish bo‘yicha prezidentimiz aniq vazifalarni belgilab berdi”, — dedi vazir.
Unda litiy kabi noyob metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsion loyihalarni ishlab chiqarish, ilm-fanni rivojlantirish bilan zarur innovatsiyalarni olib kirish topshirilgan.
Yil boshida prezident geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, aniqlangan zaxiralarni samarali o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. O‘zbekistonda kamyob metallar bo‘yicha $500 mlnlik loyihalar ishlab chiqilishi belgilangan.