15-may Toshkent shahrida joylashgan barcha transport karta sotish shaxobchalari faoliyati to‘xtatiladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda “ATTO” transport kartalarini xarid qilish, hisobini to‘ldirish va tarif sotib olish xizmatlari markaziy pochta bo‘limlarida amalga oshiriladi.

Jamoat transportlarida elektron to‘lovlardan foydalanish uchun “ATTO” mobil ilovasining Android va iOS qurilmalari uchun mo‘ljallangan versiyalarini o‘rnatish mumkin.

Transport vazirligining ma’lum qilishicha, aprel oyida jamoat transporti orqali jami 32,3 mlndan ortiq tranzaksiya amalga oshirilgan.

Bunda transport kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar 13,8 mln (shundan 5,7 mlni tarif kartalari orqali), bank kartalari orqali esa 11,4 mlnni (o‘sish — 76,2%) tashkil etgan.

QR-chiptalaridan metroda 6,3 mln martadan ortiq foydalanilgan. Avtobuslarda QR-to‘lovlar yordamida 371 ming, metroda mobil QR yordamida jami 222 ming tranzaksiya amalga oshirilgan.

Shuningdek, yo‘lovchilarning virtual kartalar yordamida amalga oshirgan tranzaksiyalari soni jami 142 mingtani tashkil etdi.

Yil boshida elektropoyezdlarda ham “ATTO” va bank kartalaridan to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan yili Toshkent metrosida “Face ID” orqali to‘lovlarni sinovdan o‘tkazish boshlandi. Tizim “Buyuk Ipak yo‘li” bekatida mavjud bo‘lib, 2024-yilning iyul oyiga qadar barcha metro bekatlarini qamrab olish rejalashtirilgan.