Farg‘ona viloyatida gaz “zapravka” tomonidan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda Rishton tumanida faoliyat yurituvchi “F.M.” MChJning mas’ul shaxslarining avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasiga o‘rnatilgan kompressor agregatlarini tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulashgani aniqlandi.
Natijada, 2,7 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish orqali davlat va jamiyat manfaatlariga jami 3,6 mlrd so‘m zarar yetkazildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq bir oyda Toshkent viloyatida joylashgan “metan zapravka” 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.
Umuman, aprel oyida 58 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.