“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, hududda faoliyat yurituvchi O‘zbekiston tadbirkorlariga Afg‘oniston va chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmaganlarni mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi. Bunda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olish shart emas.
Afg‘oniston va Pokiston fuqarolari savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olishlari va mulk huquqi bilan sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Hududda to‘lov vositasi sifatida o‘zbek so‘mi bilan birga dollar, yevro, rubl va yuanni qabul qilinadi. Naqd xorijiy valyutalar banklar filiallari orqali yuridik shaxslar hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Og‘ir ahvoldagi bemorlarga mamlakat hududida joylashgan davlat va nodavlat tibbiyot muassasalarida davolanishga tibbiy kirish vizalari olishga yo‘llanma beriladi.
O‘zbekiston va chet el fuqarolari markazga shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng kiritiladi hamda hududdagi barcha xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Chet el fuqarolariga chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda 15 kungacha markaz hududida bo‘lishlariga ruxsat beriladi. mazkur muddatdan ortiqroq bo‘lishni rejalashtirganlardan esa viza talab qilinadi.
Xarid qilingan tovarlar O‘zbekiston hududiga bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng olib kiriladi. Markazda bojsiz olib kirish normalari va QQSni qaytarish qoidalari qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridan markazgacha avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.
Mart oyida mamlakat tadbirkorlarining savdo markazida faoliyat yuritishi uchun 15 kunlik vizasiz rejimni joriy qilish masalalari muhokama qilingandi.