14-may kuni “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodir Siddiqov, “Gazprom neft” bosh direktori Aleksandr Dyukov va Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov burg‘ulash ishlarini boshqarish markazini ochdi. Bu haqda kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu orqali quduqlarni burg‘ilash muddatini 45%gacha qisqartirish va ularning qurilish qiymatini 35%ga kamaytirish mumkin bo‘ladi.
Har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy qiymatdan 4 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.
Ochilish marosimida tezkor burg‘ilash jarayonlarida masofaviy muhandislik yordamini ko‘rsatgan Rossiyaning Muravlenko shahrida joylashgan Quduqlarni qurishni boshqarish markazi hamda “Dengizko‘l” konidagi 326-sonli quduq bilan teleko‘prik aloqasi o‘rnatildi.
Markaz real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib boradi. Raqamlashtirish, texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkor aniqlaydi va oldini olinadi.
Har bir burg‘ilash uskunasidan burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida, internet orqali bosh ofisda joylashgan kompaniya serveriga uzatiladi.
Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalar ko‘rinishi ekranda aks ettiriladi.
To‘liq rejimda ish boshlagan markaz “Dengizkul”, “Zevarda”, “Yangi Tegirmon”, “Sho‘rtan”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Quyi Surgil” konlaridagi 23ta dastgoxlarning burg‘ilash jarayonini onlayn va uzluksiz nazorat qilmoqda.
Mutaxassislar real vaqt rejimida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quduqlar qurilish jarayonining samaradorligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
2023-yilning oktabrida “Gazpromneft” kompaniyasi O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirishga yordam berishi hamda burg‘ilashni boshqarish markazini tashkil etishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq Xitoyning “Universal Energy” kompaniyasi O‘zbekistonning ikkita hududida shamol elektr stansiyasi qurishni rejalashtirayotgani xabar berilgandi.