Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilishiga izoh berdi.

Tariflar oshirilishi birinchi navbatda elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkizib berish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplashga qaratilgan, shuningdek, aholini tejamkorlikka undash va investitsiyalarni jalb qilish bilan bog‘liq.

Vazir ijtimoiy normani o‘rnatishda asosiy iste’molchilar ulushi tahlil qilinganini, natijada, eng yuqorisi 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ulushni tashkil etishini ta’kidladi.

“Aprel oyida abonentlarning 73%i 200 kVt/soatdan kam elektr energiyasini ishlatgan. Mazkur iste’molchilar umumiy iste’molning 35%ini tashkil etadi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Tariflarni bosqichma-bosqich, kelasi yilda ham oshirishni hozirdan belgilash fuqarolar va biznes vakillarining unga tayyor bo‘lishi, hisob-kitoblarini olib borishi, bir yil davomidagi infilyatsion kutilmalarning inobatga olinishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, vazir tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi.

“Elektr energiyasini Turkmanistondan, yozda esa Qirg‘iziston va Tojikistondan ham import qilamiz. Ulardan oladigan tariflar, masalan, Tojikiston bilan tariflar o‘tgan yillarga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi, Turkmanistonniki esa biroz oshgan. Bularning hammasi hisob-kitob qilinib, inobatga olinadi”, — dedi vazir.

Biroq, tariflarni belgilashda asosiy omil sifatida elektr energiyasini ishlab chiqarishda 80%gacha tabiiy yoqilg‘idan foydalanilishi, gaz va mazut importi inobatga olingan.

1-maydan iste’molchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. Bu sanagacha hisob raqamini to‘ldirganlar uchun ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Kelgusi yilning aprel oyidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq “Spot” fan doktori Behzod Hoshimov bilan tariflarning oshirilish sabablari, energiya tizimidagi kamchiliklar va maishiy iste’molchilarni resurslar bilan ishonchli ta’minlash uchun zarur islohotlar haqida suhbatlashgandi. U Tariflarni oshirish yechim emasligini, energetika sohasini isloh qilish zarurligini qayd etdi.