Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “UzReport TV” telekanaliga bergan intervyusida energoresurslarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar qiymati nima uchun ommaga ochiqlanmasligiga izoh berdi.
“Bu jamoatchilikdan sir saqlanmaydi. Har qanday shartnomaning ikki tarafi va unda oshkor qilmaslik bandi bo‘ladi. Unga ikki tomon ham qo‘l qo‘yadi. Ikkinchi taraf ham bu narsani so‘ragandan keyin biz shartnoma shartlarini oshkor qila olmaymiz”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Vazir kelishuvlardagi ushbu jarayonni to‘g‘ri tushunish kerakligini ta’kidladi, “bu narsani ular ko‘rsatsa, bizda yoki biz ko‘rsatsak ularda savol yuzaga kelishi, munosabatlarga ta’sir qilishi mumkin”, deydi u.
Shuningdek, har bir muzokarada davlat manfaatidan kelib chiqqan holda, maksimal ravishda muvofiq narxda sotib olishga harakat qilinishi, eng asosiy maqsad energiyaresurslari bilan barqaror ta’minlash ekani ta’kidlandi.
Jo‘rabek Mirzamahmudov shartnomalar oshkor qilinmasligi borasida ko‘plab tanqidlar bo‘lishini, shu bilan birga, Parlament, hisob palatasi oldida barcha raqamlar ko‘rsatilishini ham aytdi.
“„Bularning xarajatini kimdir nazorat qiladimi?“ degan savollar ko‘p bo‘ladi. Albatta nazorat qilinadi. Har bir xarajat, har bir narsaning nazorati bor. Har bir tashkilotimiz xalqaro auditorlik kompaniyalaridan auditdan o‘tadi, ichki auditdan o‘tadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ham tekshiriladi. Xarajatlarni asoslantiruvchi hujjatlarning barchasi tekshiriladi”, — dedi vazir.
Avvalroq vazir elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidlagandi.