Raqobat qo‘mitasi to‘rtta hududdagi ayrim AYoQShlarda sifatsiz yonilg‘i mahsulotlari sotilayotganini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbout xizmati xabar berdi.

Xususan, joriy yilning yanvar-aprel oylarida 50ga yaqin avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan benzinlarning sifatini o‘rganish maqsadida nazorat xaridi o‘tkazildi.

Natijada, 15ta AYoQShlarda Ai-92 va Ai-95 markali sifatsiz benzinlar sotilgani ma’lum bo‘ldi. Iste’molchilarga 201 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holatlarning eng ko‘pi Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Hududda xizmat ko‘rsatuvchi quyidagi 12ta shoxobcha aniqlangan:

  • “Azamat Gaz Servis”;
  • “Bog‘izag‘on Abdugaffor”;
  • “Eco Standart Service”;
  • “Gulobod Gaz Servis”;
  • “Gulobod Oil Service”;
  • “Jonibek Mobile”;
  • “Kutfi Bobo”;
  • “Ravot Gaz Soy”;
  • “Rustam Gaz Oil”;
  • “Sam Mega Petroleum”;
  • “Samarqand Lada”;
  • “Shuxrat”.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining “Fergnovagaz”, Surxondaryo viloyatining “Bek Baraka 777” hamda Namangan viloyatining “Xonabod 2000” xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarining benzinlari ham sifatsiz ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun AYoQShlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan. Natijada, 2139 nafar iste’molchilarning huquqlari tiklanib, ularning foydasiga pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilingan.

Fevral oyida Qoraqalpog‘istondagi ayrim zapravkalarda sifatsiz benzin sotilgani aniqlangandi. 7ta AYoQSh iste’molchilarga 277 mln so‘m zarar yetkazgan.