Toshkent shahridagi qator chorraha va ko‘chalarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlarning asosiy qismi joriy yilning may oyidan sentabrigacha — maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi ta’til davrida amalga oshiriladi.

“Ishlar asosan tungi vaqtda bajariladi. Poytaxtimizdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deyiladi xabarda.

Ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (SHMA — chaqiqtosh-mastikali asfaltbeton) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yer osti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.

Hokimlik ish jarayonida haydovchilar va piyodalar uchun noqulayliklar tug‘ilishi mumkinligini ta’kidladi.

Fuqarolardan vaziyatni tushunishlari so‘ralmoqda, “chunki bu qisqa muddatli qiyinchiliklar uzoq muddatli qulaylik uchun xizmat qiladi”, deya yakunlangan xabar.

Mart oyi boshida prezident poytaxtdagi gavjum chorrahalar va ko‘chalarni tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

Ishlarni kengaytirish, “shahar — piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilning 1-martidan Toshkentda tig‘iz vaqtlarda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati taqiqlandi.