Hozirda energiya iste’moli uchun ijtimoiy normalarni kamaytirish ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda 14-may kuni Energetika haftaligi (UEW 2024) doirasida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Spot"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Spot” energetika vaziridan elektr va gaz iste’moli uchun ijtimoiy normalarni kamaytirish rejalari haqida so‘radi. Vazirning ta’kidlashicha, u ijtimoiy normalar hajmini kamaytirish tarafdori, ammo “hammaning fikri inobatga olinishi kerak”.
“Bu [energiya iste’moli uchun ijtimoiy normani pasaytirish] umuman ko‘rib chiqilmaydi. O‘tgan yilgidan farqli o‘laroq, uzilishlar va nosozliklar sezilarli darajada kamaytirildi va bu borada ish olib boryapmiz. Bu tizim qanday ishlashini shu yoz va qishda ko‘ramiz”, — dedi vazir.
Jo‘rabek Mirzamahmudov budjetdan energiya subsidiyalari ajratilishi bo‘yicha vazirlik nafaqat xarajatlarning bir qismini qoplovchi tariflarni oshirish, balki xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borayotganini aytdi.
Bundan tashqari, “Gazprom” bilan yangi gaz shartnomasini imzolash haqidagi savolga vazir “yetkazib berish hajmi O‘zbekiston ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilanadi”, deya javob berdi. Kelishuvning o‘zida importning yanada moslashuvchan sxemalari ko‘zda tutilgan.
“Hozir biz [gaz] ishlab chiqarishni barqarorlashtirish dasturi ustida ishlayapmiz, sanoatda energiya samaradorligini oshirish borasida ishlar olib boryapmiz. Bir xil gaz [iste'moli] hajmini saqlab qolgan holda issiqlik stansiyalarida [elektr energiyasi ishlab chiqarishni] ikki barobarga oshirishni rejalashtiryapmiz. Lekin yiliga 3 mlrd kub metrdan kam bo‘lmaydi”, — dedi Energetika vaziri.
Joriy yilning 1-mayidan energiya iste’molining ijtimoiy normasi quyidagicha belgilandi:
- elektr energiyasi — oyiga 200 kVt/soatgacha;
- tabiiy gaz (martdan oktabrgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa martdan sentabrgacha) — 100 kub metrgacha;
- tabiiy gaz (isitish mavsumida noyabrdan fevralgacha, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda esa oktabr-fevralda) — 500 kub metrgacha.
“Spot” tariflarning oshirilish sabablari, energiya tizimidagi kamchiliklar va maishiy iste’molchilarni resurslar bilan ishonchli ta’minlash borasidagi zarur islohotlar haqida iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashgandi.
Avvalroq Energetika vaziri narxlar oshirilishining asosiy omili sifatida gaz va mazut importi inobatga olinganini qayd etgandi.