Viza ma’lum bir davlatga kirish va yashash uchun rasmiy ruxsatnomadir. Bu hujjat odatda fuqaroga boradigan mamlakatining elchixonasi yoki konsulligi tomonidan beriladi.

Shuningdek, turli xil vizalar mavjud, ularning tartibi va shakli, safar maqsadi bilan belgilanadi. Odatda turistik, talabalik va xorijda ishlash uchun kerak bo‘ladigan vizalardan ko‘p foydalaniladi.

“Spot” keng tarqalgan Shengen vizasi va unga qaysi mamlakatlar kirishi, mazkur vizani nima uchun olish lozimligi, kerakli hujjatlar va narxlari haqida ma’lumot beradi.


Shengen hududi o‘zi nima va u nega kerak?

Shengen hududini tuzish 1985-yil 14-iyunda Yevropa Ittifoqining beshta davlati — Fransiya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg o‘rtasida hukumatlararo loyiha sifatida boshlangan va asta-sekin dunyoning erkin sayohat hududiga aylangan. Shengen — bu Lyuksemburgdagi Germaniya va Fransiya bilan chegaradosh kichik qishloq nomi, u yerda 1985−1990 yillarda Shengen shartnomasi va konvensiyasi imzolangan.

Bu viza turi Shengen davlatlariga erkin kirish, bir mamlakatdan boshqasiga sayohatni chegara nazoratisiz amalga oshirish huquqini beradi.

Unga qaysi davlatlar kiradi?

Shengen hududi 27ta mamlakatdan iborat bo‘lib, deyarli butun Yevropani qamrab oladi. Bu davlatlarga quyidagilar kiradi:

  • Avstriya
  • Estoniya
  • Islandiya
  • Malta
  • Belgiya
  • Finlandiya
  • Latviya
  • Ispaniya
  • Shveysariya
  • Fransiya
  • Italiya
  • Niderlandiya
  • Sloveniya
  • Norvegiya
  • Shvetsiya
  • Xorvatiya
  • Germaniya
  • Lixtenshteyn
  • Polsha
  • Chexiya
  • Gretsiya
  • Litva
  • Portugaliya
  • Daniya
  • Vengriya
  • Lyuksemburg
  • Slovakiya

Qanday turlari bor?

Vizaning eng keng tarqalgan turlari A, B, C va D toifalari sanaladi. A turdagi vizalar Shengenga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar fuqarolariga Shengen davlatlarida joylashgan aeroportlarning xalqaro zonasida tranzit o‘tish yoki bog‘lanuvchi reysni kutish imkonini beradi. Bu tipdagi vizaga ega bo‘lganlar Shengen davlatiga kirishi mumkin emas, sababi ular faqat aeroportlarda harakatlanish uchun mo‘ljallangan.

B turdagi vizalar besh kundan kam davom etadigan sayohatlarga tegishli bo‘lib, “tranzit” sharti bilan C turiga almashtirildi. C toifa vizasi qisqa muddatli viza bo‘lib, u keng tarqalgan. Uni Shengen zonasiga kiruvchi davlatning viza xizmatlari (elchixonalar, konsulliklar, tayinlangan tashqi provayderlar) orqali olish mumkin. Bu viza oluvchiga Shengen hududida 90 kundan kamroq vaqtga qolish yoki erkin sayohat qilish imkonini beradi.

Sayohat maqsadiga ko‘ra, C toifali viza quyidagicha bo‘lishi mumkin:

  1. Bir martalik: viza oluvchiga Shengen hududiga bir marta kirish imkonini beradi. Agar hudud tark etilsa, amal qilish muddati hali tugamagan bo‘lsa ham, vizaning amal qilish vaqti tugaydi.

  2. Ikki martalik: bu vizaning amal qilish muddati davomida Shengen hududiga ikki marta kirish imkonini beradi. Ya’ni hududdan chiqib ketish va shu vaqt ichida unga qayta kirish mumkin. Hududni ikkinchi marta tark etilsa, vizaning muddati tugaydi.

  3. Ko‘p martalik: bunda viza egasiga xohlagancha kirish va chiqish imkoni beriladi. Ushbu ruxsatnoma 180 kunlik muddat ichida maksimal 90 kun davomida amal qiladi.

Milliy viza — bu D toifadagi uzoq muddatli viza hisoblanadi. Shengen mamlakatlarida 90 kundan ortiq (1 yilgacha) o‘qish, ishlash yoki yashashni istagan har qanday chet ellik uchun olish majburiydir.

Qanday hujjatlar kerak?

Shengen mamlakatlari hududiga kirish maqsadiga qarab taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati mavjud. Ular har bir davlat uchun har xil, biroq umumiy talab qilinadigan hujjatlar quyidagilar:

  • Shengen vizasi anketasi (to‘liq to‘ldirilgan va imzolangan shaklda);

  • ikkita fotosurat;

  • pasport (viza shtampini bosishga bo‘sh varoqning mavjudligi) nusxasi;

  • transport chiptasi (aviachiptalar yoki boshqa turdagi avtovositalar sanasi va nusxasi);

  • turar joy (mehmonxona bron qilinganligini tasdiqlovchi hujjat);

  • shuningdek, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lganlar uchun 80 yevro yoki 40 yevro miqdorida viza to‘lovi to‘laganlik cheki;

  • 30 ming yevrogacha bo‘lgan tibbiy xarajatlarni qoplaydigan sayohat va tibbiy sug‘urta mavjudligi.

Moliyaviy holat bo‘yicha bank hisobvarag‘idan ko‘chirma, sayohatni qoplovchi mablag‘ mavjudligi, shuningdek, ish joyini tasdiqlovchi hujjat ham so‘raladi.

Eslatma: talab etilayotgan hujjatlar murojaat qilinayotgan elchixonalar qoidalariga ko‘ra farqlanishi mumkin.

Viza olish uchun qancha vaqt ketadi?

Shengen vizasiga murojaat qilish sayohat qilishni rejalashtirishdan 6 oy oldin amalga oshirilgani ma’qul. Shuningdek, agar Fransiya yoki Germaniya kabi ko‘p sonli arizalar kelib tushadigan mamlakatga murojaat qilinadigan bo‘lsa, ko‘rib chiqish muddati uzayishi mumkin. Yilning gavjum vaqtlarida va yozgi ta’til davrida (iyuldan avgustgacha) bu muddat yanada uzayadi.

Viza uchun arizalarni ko‘rib chiqilishga kamida 15 kun kerak bo‘ladi. Muayyan holatlarda, elchixonalar vizani 30 kun davomida ko‘rib chiqishadi, favqulodda vaziyatlarda bu vaqt 60 kungacha cho‘zilishi mumkin.

Rad etish darajasi bor-yo‘g‘i 1% bo‘lgan Litva davlati Shengen vizasini berish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Shuningdek, bu ro‘yxatda Estoniya, Finlandiya va Islandiya ham bor.

Shengen vizasining narxi qancha?

Shengen vizasiga ariza topshirish uchun to‘lov mavjud. Bu 12 yoshdan oshgan O‘zbekiston fuqarolari uchun 80 yevro (maqola nashr qilingan vaqtdagi kurs bilan $86)ni, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa 40 yevro (maqola nashr qilingan vaqtdagi kurs bilan $43)ni tashkil qiladi. Narx har uch yilda bir marta ko‘rib chiqiladi. 6 yoshdan kichik bolalar uchun bepul.

Agar 24 yoshdan kichik fuqarolar konferensiya, sport va madaniy tadbirlarda yoki notijorat tashkilotlar tomonidan tashkillashtirilgan sayohatlarda ishtirok etadigan bo‘lsa, to‘lovlar bekor qilinishi mumkin. Shuningdek, viza uchun ariza rad etilsa, to‘lov qaytarilmaydi.

Viza uchun qayerga murojaat qilish kerak?

  1. O‘zbekistonda Shengen vizasini Germaniya, Avstriya, Finlandiya, Shvetsiya yoki Ispaniya hududlariga chiqish uchun Germaniya elchixonasidan;

  2. Fransiya, Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya va Portugaliya davlatlari uchun Fransiya elchixonasidan;

  3. Latviya, Litva, Estoniya va Shveysariya davlatlariga Latviya elchixonasidan;

  4. Chexiya Respublikasiga Chexiya elchixonasidan;

  5. Italiya uchun Italiya elchixonasidan olish mumkin.


Avvalroq “Spot” o‘zbekistonliklar vizasiz sayohat qilishlari mumkin bo‘lgan davlatlar haqida yozgandi.