“Voltalia” Sarimayda yirik yashil energiya saqlash majmuasini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.
May oyi boshida bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida fransuz kompaniyasi vakillari Energetika vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan memorandum imzoladilar. U 500 MVt quvvatga ega akkumulyator tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Eng yuqori yuklanishda tizim quvvati 1000 MVt/soatga teng bo‘ladi. Uning asosiy vazifasi foto elektr stansiyadan elektr energiyasini to‘plash bo‘ladi.
“Voltalia” 2022-yil dekabr oyida Xorazm viloyatining Sarimay shahrida quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi.
Keyinchalik elektr stansiyasining quvvatini 126 MVtgacha oshirish, shuningdek, uni 50 MVt quvvatga ega saqlash tizimi bilan jihozlash qarori qabul qilindi.
Quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish 2025-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, fransuz kompaniyasi bu yerda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
“Voltalia” elektr stansiyasi qurilishi 29-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va kompaniya rahbari Sebastyan Kler ishtirokida boshlangan edi.
Kompaniyaning hisob-kitoblariga ko‘ra, bo‘lajak elektr stansiyasi karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 116 ming tonnaga kamaytiradi.
Shuningdek, “Volatalia” Navoiy viloyatida quyosh fermasi va umumiy quvvati 400 MVt bo‘lgan shamol stansiyasidan iborat gibrid elektr stansiyasini loyihalashtirmoqda. Bu yerda akkumulyator tizimini yaratish ham rejalashtirilgan.