Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Malayziya hukumati rahbarining O‘zbekistonga tashrifi so‘nggi 16 yildagi birinchi tashrif bo‘ldi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yashil energetika, neft-kimyo, elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qo‘shma matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bo‘lajak sanoat zonasida yuqori texnologiyali tashabbuslarga e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston va Malayziya korxonalari uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqadi.

Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik ham muhokama qilindi. Suvni tejash, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash barobarida halol mahsulotlarni sertifikatlash masalasi ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tomonlar IT, transport va qashshoqlikni qisqartirish sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalariga to‘xtaldi.

Ikki tomonlama savdo qo‘mitasini hukumatlararo komissiyaga aylantirish zarurligi qayd etildi.

Yana bir ustuvor mavzu turizm sohasidagi hamkorlik va Malayziyadan O‘zbekistonga yangi sayyohlarni jalb qilish bo‘ldi. Ziyorat safarlari, jumladan, “Umra plyus” loyihasi istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi.


Avvalroq"Spot" Malayziyaning “UpStream BPO” kompaniyasi Sirdaryo viloyatida o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.