Joriy yilning birinchi choragida tovar-xom ashyo birjasida avtomobil raqamlari savdosi uch barobardan ko‘proqqa oshib, 212,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda birja matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Xususan, dastlabki uch oyda 52,6 ming dona avtomobil raqamlari sotilgan, ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 barobar ko‘pdir.
Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam toshkentlik yuridik shaxsga 517,14 mln so‘mga sotilgan. Boshlang‘ich narx bilan taqqoslaganda, avtomobil raqamining narxi ikki-uch barobarga oshgan.
Ikkinchi o‘rinda yuridik shaxs tomonidan 337,62 mln so‘mga sotib olingan avtomobil raqami turibdi. Eng qimmat beshlikka jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan 334,9 va 315,8 mln so‘mlik avtomobil raqamlari ham kirdi.
2023-yilda tovar-xom ashyo birjasida 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan, bu esa 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori bo‘ldi.
Avvalroq aprel oyida avtomobil bozorida savdolar pasaygani haqida xabar berilgandi.