Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Samarqan va Namangan shaharlari uchun elektrobuslar xarid qilishga yordam beradi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 14−16-may kunlari Armanistonning Yerevan shahrida YTTBning 33-yillik yig‘ilishi va biznes-forumi o‘tkazildi.
Uning doirasida transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdug‘afarov YETTB Yevroosiyo infratuzilma departamenti rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Unda ikkita masala ko‘rib chiqildi.
Xususan, Samarqand va Namangan shaharlari uchun elektrobuslarni sotib olish bo‘yicha mandat hujjatlarini imzolash muhokama qilindi.
Transkaspiy transport yo‘lagi tarkibiga kiruvchi 70 km uzunlikdagi 4R160 Urganch-Mang‘it avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasini moliyalashtirish borasida fikrlar tinglandi.
Yakunda “Samarqand elektr avtobuslari” hamda “Namangan elektr avtobuslari” loyihalarini uzoq muddatli moliyalashtirish to‘g‘risida mandat xatlari imzolandi.
Yil boshida Xitoy kompaniyasi Andijonda elektrobus va elektroskuterlar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Har ikkala loyiha qiymati $100mlnni tashkil etib, viloyatda yiliga 2 mingta elektrobus ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
2023-yilning oktabrida Toshkent hokimligi BYD bilan 2000ta elektrobus xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kelasi yilda poytaxtga K9UD eBus rusumli 200ta avtobusning birinchi partiyasi keltirilishi rejalashtirilgan.