Joriy yil oxirigacha islom moliyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, muhokamaga kiritilishi belgilangan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 52-yalpi majlisida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi.
Darhaqiqat, prezidentimizning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ham bu masala ko‘tarilgandi. Shundan boshlab bu bo‘yicha vazirliklararo ishchi guruh ish olib bordi.
“Bir narsani tushunish kerak. Bu yangi va murakkab soha, qonunchilikda juda ko‘p o‘zgartirishlarni — “Markaziy bank to‘g‘risida"gi qonundan tortib, “Banklar faoliyati to‘g‘risida"gi qonungacha o‘zgartirishlarni talab qiladi. Hozirda qonun loyihasi tayyor. Joriy yilda uni birgalikda ishlab, parlamentga muhokamaga kiritish vazifamiz”, — dedi Behzod Hamrayev.
Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliya tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunga ham o‘zgartirish kiritildi. Ta’kidlanishicha, unda alohida tartib belgilangan.
Hozir mazkur qonunning Markaziy bank tomonidan islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomi ishlab chiqilgan. Hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan bo‘lib, ro‘yxatidan o‘tgach, mazkur sohada ishlar boshlanadi, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari
Shuningdek, Behzod Hamrayev amaldagi qonunchilik doirasida 12ta bankda, jumladan, “Agrobank”, “Sanoatqurilishbank”, “Mikrokreditbank” va “Ipak yo‘li” kabi banklarda xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasining kredit liniyalari hisobidan murobaha xizmatlari ko‘rsatib kelinayotganini aytdi.
Bundan tashqari, “Trastbank” huzuridagi “Trastmuomalat” MChJ islomiy lizing, ya’ni ijara va murobaha nasiya savdo operatsiyalari mavjud. “Hamkorbank” tomonidan esa islomiy lizing xizmatlari ko‘rsatib kelinadi.
“Mazkur bazaviy qonunchilikni 2024-yil yakuniga yetkazsak, qolgan banklarda ham bu xizmatning ommalashib ketishiga ham talab bor, ham sharoit yaratiladi”, — deya yakunladi u.
Avvalroq regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov Markaziy bankka islomiy bank ochish bo‘yicha murojaatlar bo‘lmaganini, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha qaror loyihasi hukumatga kiritilganini qayd etgandi. Islomiy moliya bo‘yicha qumdon tashkil qilinib, bu boradagi ishlarni boshlash kutilmoqda.
O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish harakatlari
2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.
Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Islomiy moliyani joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan.
Bundan tashqari, islomiy moliyaning tez joriy etilishiga aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham to‘sqinlik qilmoqda.
2023-yilning noyabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2024-yilgacha mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish topshirildi.
“Spot” Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi.
Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.