Saudiya Arabistoni kompaniyasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turgunov Saudiya Arabistonining “Kdot Partners” kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda mehnat sohasida hamkorlikni oshirish, Saudiyada ishlayotgan fuqarolar haq-huquqlarini ta’minlash va qonuniy migratsiyani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Faysal al-Dovud saudiyalik ishbilarmon doira vakillarining O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqishi ortganini ta’kidladi.
Kompaniya xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, texniklar va hamshiralarni ishga jalb etishga e’tibor qaratmoqda.
“Ushbu soha mutaxassislariga Saudiya Arabistonida talab juda yuqori. Shuni inobatga olib biz o‘zbek tomoni bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz”, — dedi Faysal al-Dovud.
Qayd etilishicha, “Kdot Partners” O‘zbekistonning “Gold Step Construction” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan.
Mamlakatning “Bahra Electrics” kompaniyasi ham 100 ming nafargacha o‘zbekistonliklarni doimiy ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda.
Avvalroq o‘zbekistonliklar Slovakiyaga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalar 20-may kuni soat 18:00gacha qabul qilinadi.