“Madad Invest Bank” transformatsiya va rebrending jarayonini boshlamoqda. Bu haqda aprel oyida xususiy bank boshqaruvi raisi etib tayinlangan Ulug‘bek Tavakkalov “Spot"ga ma’lum qildi.
O‘tgan aprel oyida o‘tkazilgan aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida kredit tashkilotini qayta tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Xususan, yangi “mybank” brendini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlandi.
Yig‘ilishda qiymati 80 mlrd so‘mgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk sotib olish ma’qullandi. Bundan tashqari, raqamlashtirish doirasida bank tomonidan $1,32 mlnga server dasturiy-apparat ta’minoti tizimini xarid qilish va server binolariga 368 mln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Tavakkalov transformatsiyaning asosiy yo‘nalishlari sifatida bank mahsulotlarini raqamlashtirish hamda jarayonlarni risklarga muvozanatli yondashuv asosida qayta tashkil etishni belgilab berdi. Bank kichik biznes uchun masofaviy kanallarni joriy qilishni rejalashtirmoqda.
“Bilamizki, O‘zbekistondagi hech qaysi bank tadbirkorga tungi vaqtda bir necha kunga kechiktirib bo‘lmaydigan muammolarni (import shartnomasi uchun to‘lov qilishga) hal qilishi uchun bir necha kunga pul berib tura olmaydi. Bu, aynan, biz „ko‘k okean“ deb atashni xush ko‘ruvchi band bo‘lmagan joylardir”, — dedi u.
“Madad Invest Bank” transformatsiyasi flagman mahsulot yaratish va joriy etish orqali o‘z o‘rnini topish maqsadini ko‘zlaydi, deya ta’kidladi top-menejer. Xususan, bosh ofisning Farg‘onadan Toshkentga ko‘chirilishi dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi.
Tavakkalovning fikricha, nomning o‘zgarishi iste’molchilarning bank haqidagi tasavvurlarini osonlashtirishi kerak. Yangi brend, shuningdek, yorqin ranglardan foydalanish muassasaning “yanada yosh va harakatchan” ko‘rinishiga yordam beradi.
“mybank” (“mening bankim”) nomi “har bir bank mijozi o‘zini xuddi o‘z uyi, o‘z joyida va o‘z banki borligini his qilishi uchun” tanlangan.